Hava Durumu
Anlık
Yarın
31° 34° 16°
NAVOIYNING BUYUK JASORATI- Nasriddin MUHAMMADİYEV*

Buyuk so‘z san’atkorlari tarixning burilish nuqtalarida, millatni birlashtiruvchi, ruhan
yuksaltiruvchi badiiy so‘zga ehtiyoj tug‘ilgan paytda dunyoga keladi. Alisher Navoiy xuddi ana shunday davrda yashadi.
Turkiy xalqlar XI asrdagi yuksalishdan keyin yangi bir to‘lqinni, ma’naviy-madaniy taraqqiyotni - uyg‘onish davrini boshdan kechirmoqda edilar. Bu madaniy yuksalishga turtki bergan sabab esa Temuriylar saltanati edi.
Sohibqiron Amir Temur tarqoq turkiy qavmlarni birlashtirish, ularni yagona, kuchli va ahil millatga aylantirishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ygan edi. Bu maqsad yo‘lida u kuchini ham, vaqtini ham ayamadi. Uchig‘atoy turkiysini, ya’ni o‘zbek tilini birinchi marta rasmiy muomalaga olib kirdi. Farmonlar, yorliqlar, arab va fors tillari qatori, o‘zbek  tilida ham yozila boshladi. Boshqa tillarda yozilgan farmonlar ham ko‘pincha "Amir Temur Ko‘ragon so‘zimiz" deb boshlanar edi. Sohibqiron ko‘rsatmasi bilan ko‘pgina asarlar arab va fors tillaridan o‘zbek tiliga
tarjima qilindi. Hukmdorning fikricha, til millatni birlashtiruvchi bayroqqa aylanishi kerak edi. Alisher Navoiy o‘z davrining bu yetakchi g‘oyasini so‘z san’ati, badiiy tamsillar vositasida aks ettirdi. Uning deyarli barcha asarlarida turkiy qavmlarning birligi, ona tilining ahamiyati qalamga olingan. U o‘zini turkiy tilda so‘zlashuvchi barcha qabila va urug‘larning shoiri deb hisoblaydi va bundan iftixor qiladi:

Nizomiy olsa Barda’ birla Ganja,
Qadam Rum ahlig‘a ham qilsa ranja.
Chekib Xusrav dag‘i tig‘i zabonni,
Yurib fath aylasa Hindustonni.
Yana Jomiy Ajamda ursa navbat,
Arabda dog‘i cholsa ko‘si shavkat.
Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur.
Olibmen taxti farmonimga oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
Xuroson demakim, Sherozu Tabriz,
Ki qilmishdir nayi kilkim shakarrez.
Ko‘ngul bermish so‘zumga turk jon ham,
Na yolg‘uz turk, balki turkmon ham.

Shu ma’noda shoirning "Muhokamat ul-lug‘atayn" asari alohida e’tiborga loyiq. Bu asarda u buyuk vatanparvar va millatparvar sifatida turkiy tilning fors-tojik va arab tillaridan qolishmasligini, lug‘at boyligi nihoyatda katta, so‘zlarning ma’nodorligi jihatidan esa hatto ustun ekanligini ta’kidlaydi, misollar asosida isbotlaydi. Navoiy turkiy qavmlar vakillari orasida iste’dodlar ko‘pligini, ammo ular o‘z ona tillari qolib, fors-tojik tilida ijod qilishlarini afsuslanish bilan qayd etadi. Bunday qalam sohiblarini, avvalo, ona tilida yozishga, iqtidorlari yetsa, ikki tilda barobar yozishga da’vat etadi. Ma’lumki, Movarounnahr va Xurosonda IX-XI asrlarda  arab tili rasmiy til bo‘lgan. XI asr oxiri va XII asr boshlarida fors tili uning o‘rnini egalladi. Turkiy
til omma orasidagi muomala tili bo‘lib qolaverdi. Garchi mazkur mintaqadagi ko‘pgina davlatlarning hukmdorlari turkiy qavmlardan bo‘lsa-da, til siyosatida vaziyat o‘zgarmadi. Faqatgina XIV asrdan boshlab turkiy tilning mavqei tiklana boshladi. Bu haqda Navoiyning o‘zi shunday yozadi: "To mulk arab va sort (fors-tojik) salotinidin turk xonlariga intiqol topti, Huloguxon (Chingizxonning nevarasi, Elxoniya davlatining birinchi hukmdori, 1283 yili vafot etgan) zamonidin, sultoni sohibqiron Temur Ko‘ragon  zamonidin farzandi xalafi Shohrux Sultonning zamonining oxirig‘acha turk tili bilan shuaro paydo bo‘ldilar va ul hazratning avlod va ahfodidin ham xush tab’ salotine zuhurg‘a keldi. Shuaro Sakkokiy va Haydar Xorazmiy va Atoyi va Muqimiy va YAqiniy va Amiriy va Gadoiydeklar".Keyingi jumlalarda Navoiy bu ro‘yxatga chig‘atoy turkiysida (o‘zbek tilida) yozgan shoirlarning peshqadami Mavlono Lutfiyni ham kiritadi. Ular ijodi ulug‘ shoir uchun bir pillapoya vazifasini o‘tadi. Sohibqiron avlodlarining ko‘pchiligi ham badiiy ijodni, uning nozik jihatlarini yurakdan his qilgan, o‘zlari ham yaxshigina she’rlar yozgan. Ular turkiy tilda she’r yozishning ajoyib namunalarini ko‘rsatgan. Jumladan, Sulton Husayn Boyqaroning bir necha farzandi adabiyot muxlisi bo‘lgan, she’rlar yozgan. Farzandlaridan biri, Navoiyning shogirdi Shoh G‘arib Mirzo (G‘aribiy) tuzgan devon hozirgi paytda Germaniyaning Hamburg shahri kutubxonasida saqlanmoqda. 2001 yilda u olima Shafiqa Yorqin
tomonidan nashrga tayyorlanib, chop etildi. Temuriylar davrida tilning qudratini, so‘zlarning ko‘p
ma’noliligini ko‘rsatuvchi tuyuq janri ayniqsa keng urf bo‘ldi. Mana, Amir Temurning nabirasi Abobakr Mirzoning bir tuyug‘i:

Er kerak o‘rtansa, yonsa yolina,
Yora yeb yotsa otining yolina.
It o‘lumi birla o‘lsa yaxshiroq
Er otonib, dushmanig‘a yolina.

Yoki bo‘lmasa, yana bir nabirasi Sulton Iskandar Sheroziy qalamiga mansub boshqa bir tuyuq:

To‘lun oyg‘a nisbat ettim yorumi,
Ul xijolatdin kam o‘ldi yorumi.
Tori mo‘yungning zakotin men beray,
Yo Misrni, yo Halabni yo Rumi.

Bunday mahorat bilan bitilgan, nozik ifodalarga boy satrlarni mashhur shoirlar ijodida ham kam uchratasiz. Eng muhimi, ular xalq tilida, ravon va sodda bitilgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bundan ko‘zlangan maqsad turkiy tilning bor qudratini ko‘rsatish va boshqalarni ham shu tilda ijod etishga rag‘batlantirish edi. Alisher Navoiy o‘z salaflari boshlagan ishni muvaffaqiyat bilan davom ettirdi. U lirik she’riyatdagina emas, epik she’riyatda - dostonchilikda ham o‘z mahoratini namoyish etdi. "Xamsa"ning birinchi dostoni "Hayrat ul-abror"da u o‘zidan oldin o‘tgan forsiyzabon shoirlarni ehtirom bilan xotirlab, shunday yozadi:

Forsiy o‘ldi chu alarg‘a ado,
Turkiy ila qilsam ani ibtido.
Forsiy el topti chu xursandlig‘,
Turk dog‘i topsa barumandlig‘...

Yoki “Layli va Majnun” dostoni xotimasida shunday e’tirofni qalamga oladi:

Men turkcha boshlabon rivoyat
Qildim bu fasonani hikoyat.
Kim shuhrati chun jahonga to’lg’ay,
Turk eliga dog’i bahra bo’lg’ay.
Nevchunki bukun jahonda atrok
Ko’ptur xushtab’u sofi idrok…

Navoiy turkiy tildagi she’riyatni nihoyatda yuksak pog‘onaga olib chiqdi. O‘sha davrda va keyingi
asrlarda Movarounnahr, Xuroson, Ozarboyjon va Usmonli davlatida Navoiyning o‘nlab izdoshlari paydo bo‘ldi. Chig‘atoy turkiysi she’riyat tiliga aylandi. Bunda temuriyzoda Sulton Husayn Boyqaroning xizmatlarini ham alohida ta’kidlash zarur. Navoiyni bu ishlarga safarbar etgan, ijodi uchun sharoit yaratib bergan, asarlariga muharrirlik qilgan zot Husayn Boyqaro edi.
Navoiy bu holni shunday ta’riflaydi:
 "Va yillar turk tili va nazmi qoida va uslubida bilmaganlarimni so‘rup va mushkillarimni... tobug‘ida arzg‘a yetkurup, azim foydalar topib, kulliy natijalar ko‘rdum... Bandai xoksor agarchi tufrog‘din o‘ksuk erdim, ammo ul Quyosh tarbiyati bila rango-rang gullar ochdim va bu afkandai
bee’tibor agarchi zarradin kamrak erdim, ul sahob taqviyati bila gunogun durlar sochtim va dilso‘z abyotim munojot ahlig‘a oshub va g‘avg‘o soldi va bazmafro‘z g‘azaliyotim xarobotiylarg‘a ohu vovaylo soldi".
Husayn Boyqaro, qattiqqo‘l va ba’zan berahm hukmdor bo‘lish bilan birga, nozikta’b shoir, Hirot adabiy muhiti va adabiy davralarining rahnamosi edi. O‘zi ravon va ta’sirchan g‘azallar yozar, boshqalarni ham turkiy tilda ijod qilishga undar edi. U "Risola" asarida Alisher Navoiyning bu boradagi xizmatlarini shunday ta’riflaydi (matn soddalashtirilgan):
 "...Turk tilining o‘lgan jasadiga Masih nafasi bilan ruh kiritdi. Va u ruh topganlarga turkiy til
o‘rish-arqog‘idan to‘qilgan nozik liboslar kiydirdi va so‘z gulistonida tab’i navbahoridan yog‘ilgan yomg‘irlar tufayli rango-rang gullar ochildi va nazm daryosiga fikrlari bulutidan ruhparvar qatralar bilan gunogun durlar sochildi...

Erur so‘z mulkining kishvarsitoni,
Qayu kishvarsiton, Xusravnishoni.
Dema Xusravnishonkim, qahramoni,
Erur gar chin desang sohibqironi".

Shubhasiz, Hirot adabiy muhitining yetakchisi Alisher Navoiy edi. Zahiriddin Muhammad Bobur ta’rifi bilan aytganda, "ahli fazl va ahli hunarga" hech kim Navoiychalik ustoz va madadkor bo‘lgan emas. O‘nlab shoirlar, Behzod va Shoh Muzaffar singari musavvirlar, Ustoz Qulmuhammad, Shayx Noyi, Husayn Udiy kabi sozandalar, Sulton Ali Mashhadiy boshchiligidagi husnixat sohiblari uning rahnamoligi bilan kamolga yetganlar.
Albatta, bu sa’y-harakatlar beiz ketmadi. San’at va madaniyat gurkirab rivojlandi. Badiiy saviyasi
nihoyatda yuksak bo‘lgan ko‘plab asarlar yaratildi. Turkiy tilning mavqei tiklandi. "Majolis un-nafois" asarida nomlari qayd etilgan ijodkorlarning kattagina qismi ikki tilda birdek she’rlar yozganligi ham bu davrda turkiy tilda yozish urf bo‘la boshlaganligidan dalolat beradi. Hatto Abdurahmon Jomiy va Kamoliddin Binoiylar, asosan, fors-tojik tilida ijod etgan bo‘lsalar-da, chig‘atoy turkiysini yaxshi bilganlar, Navoiy bilan bu borada o‘zaro musohaba va munozaralarda bo‘lganlar. Binoiyning keyinroq Shayboniyxonning taklifi bilan "Ajoyib ul-maxluqot" asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilganligi ham uning bu tilni mukammal bilganligidan dalolat
beradi.  Alisher Navoiyning eng buyuk xizmati va jasorati shundaki, dag‘al va avom tili deb tahqirlangan turkiy tilni she’riyat va nafosat tiliga aylantirdi. Shoir:

Turk nazmida chu tortib men alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam,

deganida haqli edi. Navoiy asarlari asrlar mobaynida madrasalarda o‘qitildi, til va she’riy mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, hozirgi o‘zbek tili va adabiyotining shakllanishida Navoiy she’riyatining ahamiyati juda katta bo‘lgan.  Alisher Navoiy ijodiy merosi xalqimizning necha-necha avlodlari uchun ma’naviy kuch-quvvat manbai bo‘lib
keldi. Bizning kunimizda esa bu qimmatbaho merosning qadri yanada ortgan. Ozod va adolatli jamiyat barpo etishda, bu jamiyatga mos komil insonni tarbiyalashda Navoiy asarlari yo‘lchi yulduz vazifasini o‘taydi.
_________________________________________________________________________
*Nasriddin MUHAMMADİYEV*(Nosir Muhammad)* O‘zbekiston Respublikasi Baynalmilal Madaniyat Markazi Direktori

NOT: www.altinmiras.com  kaynak gösterilerek alıntı yapılabilir.



  
4012 kez okundu

Yorumlar

Henüz yorum yapılmamış. İlk yorumu yapmak için tıklayın
Saat
Takvim
Döviz Bilgileri
AlışSatış
Dolar5.68495.7077
Euro6.28036.3054