Hava Durumu
Anlık
Yarın
31° 34° 16°
AJDODLARNING BEBAHO MEROSI- Nosir Muhammad*

Qashqadaryo vohasining ikki yirik shahri – Nasaf (Qarshi) va Kesh (Shahrisabz) tarixi O‘rta Osiyoning eng ko‘hna shaharlari bo‘lgan Samarqand, Buxoro, Xiva tarixi singari qadimiydir. Keyingi yillarda olib borilgan arxeologik qazilmalar, bizning kunimizgacha yetib kelgan yozma yodgorliklar, turli asrlarda barpo etilgan me’moriy inshootlar ana shundan dalolat beradi.

 Eng qadimiy madaniyatlar daryolar sohilida paydo bo‘lganligi tarixdan bizga yaxshi ma’lum. Qashqadaryo vohasi ham bundan mustasno emas.  Vodiyga obi hayot ulashuvchi Qashqadaryo va uning irmoqlari bo‘yida paydo bo‘lgan shahar va qishloqlar uzoq o‘tmishning tilsiz guvohlaridir. Afsuski, milodiy VIII asrgacha bo‘lgan yozma manbalar nihoyatda kam saqlanib qolgan. Voha tarixini yunon, xitoy va arab sayyohlarining solnomalarigina bir qadar yoritadi. Arab tarixchilari Ibn Xavkal, Istaxriy, YOqut, Muqaddasiy, Som’oniylarning asarlarida bu haqda qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Xitoydan Hindistonga yo‘lga chiqqan budda monaxi Syuan-Szyan milodiy 629 yilda Keshda ham bo‘lgan. O‘sha davrda Kesh ancha rivojlangan, kattagina shahar bo‘lgan. Sayyoh o‘z xotiralarida shahar bilan bog‘liq ko‘pgina ma’lumotlarni yozib qoldirgan. 

Ikkinchi jahon urushidan keyin to 70-yillarning boshigacha qadimshunoslar vohadagi 120 dan ortiq qadimgi davr va o‘rta asr shaharlari, qishloqlari va qal’alarining qoldiqlarida qazish ishlarini olib bordilar. Yerqo‘rg‘on, Qal’ai Zaxxoki moron, Shulluktepa, Ko‘hna Fazli xarobalari o‘tmishning juda ko‘p sirlarini oshkor etdi. Arxeologik topilmalar vohaning boy madaniy hayotidan dalolat beradi. Qadimshunos R.Sulaymonovning yozishicha, qadimgi So‘g‘d davlatida (Qashqadaryo va Zarafshon daryosi vohasi) yirik shaharlar barpo etish eramizdan oldingi VIII-VII asrlarda boshlangan.

Nasaf va Kesh janubiy sarhadlarga yaqin shaharlar sifatida Makedoniyali Iskandar va arab istilochilarining ilk zarbasiga duchor bo‘lgan. Mo‘g‘ullar bosqini davrida esa strategik hudud sifatida  qarorgohga aylantirilgan. Tarix sahifalari Vatan ozodligi uchun kurashchilarning jasoratlari haqidagi hikoyalarga to‘la. Tabiiyki, bosqinlar voha iqtisodiy va madaniy hayotiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Oldingi asrlarda bunyod etilgan inshootlar, san’at asarlari, kitoblar yo‘q qilingan. Ammo xalqning bunyodkorlik qudrati yana yangi mo‘jizalar yaratavergan.  

Samarqandda qog‘ozsozlik sanoatining vujudga kelishi (VIII asr) Qashqadaryo vohasida ilm va madaniyat rivojiga katta turtki berganligi o‘z-o‘zidan ravshan. Keyingi asrlarda bu yerdan ko‘plab shoir va olimlar yetishib chiqqanligi fikrimiz dalili bo‘la oladi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi ijodi bizgacha yetib kelmagan. Ayrim tazkiralardagina ularning nomi va asarlaridan ba’zi parchalar saqlanib qolgan.

 VIII asr oxiri va IX asrning boshlarida Nasaf va Keshda yirik hadisshunoslik va fiqhshunoslik maktablari vujudga keladi. Bu maktablarda islom olamining turli mamlakatlaridan kelgan talabalar bilim olganlar. X asrda Ahmad ibn Muhammad at-Tadyoniy, Hammad ibn Shokir an-Nasafiy, Abdulmo‘min ibn Xalaf an-Nasafiy, al-Lays ibn Nasr al-Kojariy, XI asrda Abdulaziz ibn Muhammad an-Naxshabiy, Muhammad ibn Ahmad al-Baladiy, al-Hasan ibn Ali al- Hammadiy an-Naxshabiy kabi olimlar butun islom olamida shuhrat topgan edilar.

Nasaf va Kesh allomalari IX-X  asrlarda an’anaga ko‘ra arab tilida ijod qilgan bo‘lsalar, XI asr  oxiri va XII asr boshlarida o‘z asarlarini fors tilida yoza boshlaydilar. XIV asrdan e’tiboran va ayniqsa, Amir Temur saltanatidan boshlab turkiy tilda yozish imkoniyati paydo bo‘ldi. Temuriy shahzodalar ijod ahlini o‘z ona tillarida yozishga da’vat etdilar, o‘zlari ham turkiy tilda asarlar bitdilar. Alisher Navoiyning "Muhokamat ul-lug‘atayn" asari ana shu ijtimoiy talab zaminida yaratilgan edi. Ammo amalda arab va fors tillari ham qo‘llanilaverdi. Ovrupolik o‘rta asr sayyohi Tavernyening yozishicha, barcha Sharq mamlakatlarida arab tili - qur’on va ilm tili, fors tili-she’riyat  va nafosat tili, turkiy til - siyosat va harb tili sifatida mashhur bo‘lgan.

Mashhur rus sharqshunosi YE.E.Bertels shunday deb yozgan edi: "XV asrdan boshlab o‘zbek tilidagi adabiyotning yuksalishi bundan buyon fors va tojik tillaridagi adabiyot O‘rta Osiyoning faqatgina tojik aholisi mulki bo‘lib qolganligini aslo anglatmaydi. Bu davrda ham fors tili o‘zbeklarning ikkinchi adabiy tili bo‘lib qolaverdi".

Amir Temur va temuriy shahzodalar saltanati davrida Qashqadaryo vohasida ilm-fan, madaniyat va san’at gurkirab rivojlangan. Go‘zal me’moriy obidalar barpo etilgan, obodonchilik  va farovonlikni ta’minlash yo‘lida ko‘pgina ishlar qilingan. Bunda jahonning turli mamlakatlaridan olib kelingan ilm va san’at ahlining ham hissasi katta bo‘lgan. Nasaf va Keshliklar Amir Temur armiyasining o‘zagini tashkil etish bilan birga, ilm, fan, adabiyot, diplomatiya ravnaqiga ham munosib ulush qo‘shganlar.

Qashqadaryo vohasidan chiqqan ko‘pgina adib va ulamolar turli yillarda poytaxt bo‘lgan Buxoro va Samarqandda, ayrimlari esa taqdir taqozosi bilan Hindiston, Eron, arab davlatlari va Rumda(Turkiya) yashab ijod etganlar. Masalan, mo‘g‘ullar istilosi davrida ziyolilarning kattagina qismi Hindistondan boshpana topgan. Buxoroda Subhonqulixon hukmronligi paytida (1680-1702) ham Nasaflik va Keshlik bir qancha shoirlar Hindistonga ko‘chib ketgan. Maleho Samarqandiyning yozishicha, ular orasida Dastur Nasafiy, Nasim Mahramiy Nasafiy, Qadri Nasafiy, Lome’ Nasafiy singari shoirlar bo‘lgan. Boburiylarning she’riyat va umuman madaniyatga e’tibori, ijod ahliga homiyligi ham bunga sabab bo‘lganligi aniq. Amir Xisrav Dehlaviy, Mirzo Abdulqodir Bedil singari atoqli shoirlarning ota-bobolari ham Qashqadaryo vohasidan bo‘lishgan. Bedil bu haqda shunday satrlarni bitgan edi:

Ro‘ ba Hind ovardani sohibdilon az bahri chist?

Ro‘zgor oinaro muhtoji xokistar kunad.       

Mazmuni: Nozik qalb sohiblarining Hindistonga kelishi boisi nima? Axir, turmush oynani ham kulga muhtoj qiladi-ku.(Ya’ni, orqa tomoni kulrangga bo‘yalmasa oyna ravshan bo‘lmaydi).

Nasaf va Kesh adabiy muhiti hali maxsus o‘rganilgan emas. Iste’dodli olim Poyon Ravshanovning sa’y-harakatlari tufayli keyingi yillarda bu yo‘nalishda anchagina ishlar qilindi, voha madaniy hayotida iz qoldirgan talaygina olim va shoirlar haqida ma’lumotlar to‘plandi. Nasafiylar merosini o‘rganishda Ubaydulla Uvatovning ilmiy tadqiqotlari va izlanishlarini alohida ta’kidlash zarur. Keyingi paytda shu mavzuda o‘tkazilgan ilmiy anjumanlar jamoatchilikda o‘tmish merosimizga nisbatan katta qiziqish uyg‘otdi.

Qashqadaryolik adib va ulamolar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash fikri menda talabalik yillari tug‘ilgan edi. Mumtoz adabiyot vakillari asarlarini va eski tazkiralarni o‘qish jarayonida, yurtdoshlik tuyg‘usi bilan bo‘lsa kerak, duch kelgan Nasafiy va Keshiylar nomini alohida daftarga qayd etib qo‘yar edim. Oradan ancha yillar o‘tdi, talaygina ma’lumot to‘plandi. Qashqadaryolik olimlarning  keyingi yillardagi topilmalari bilan birga uni yaxlit kitobcha shaklida chop etish niyati paydo bo‘ldi. Maqsad - vohada yashab o‘tgan ijod va ilm ahli haqida qisqacha ma’lumot berish va keyingi tadqiqotlar uchun zamin yaratish.

Shu tariqa ushbu tazkira-kitobcha dunyoga keldi. Nomi tazkirada zikr etilgan allomalar aslida Qashqadaryo vohasining turli shahar va qishloqlarida tavallud topgan bo‘lishlari mumkin. Ammo vohaning ikki yirik madaniy markazida ta’lim olib, an’anaga ko‘ra, o‘z nisbalariga bu shaharlar nomini qo‘shganlar.  Allomalar yashagan davrlariga ko‘ra, xronologik tartibda berildi.

          Qashqadaryo vohasi qadimdan iste’dodlarga boy. Ming yillar davomida shakllangan  og‘zaki va yozma adabiyot an’analari hamon barhayot. Mazkur kitobchada bizning davrimizgacha vohada  yashab o‘tgan allomalarning bir qismi nomlarinigina qayd etdik, xolos. Zero, Najmiddin Nasafiyning birgina "Samarqandiya" asarida 60 dan ziyod Nasafiy, Kosoniy, Kasbaviy va Bazdaviylarning, 10 ga yaqin Keshiylarning faoliyatiga oid ma’lumotlar bor. Hali tarixning chang bosgan qatlamlarida o‘nlab allomalar merosi o‘z tadqiqotchilarini kutib turibdi. Ularni sinchkovlik bilan o‘rganish mamlakatimiz tarixi va madaniyatining yangi sahifalarini kashf etish imkonini beradi.

____________________________________________________________  

*Nosir Muhammad- O‘zbekiston Respublikasi Baynalmilal Madaniyat Markazi Direktori

  
3652 kez okundu

Yorumlar

Henüz yorum yapılmamış. İlk yorumu yapmak için tıklayın
Saat
Takvim
Döviz Bilgileri
AlışSatış
Dolar5.67455.6973
Euro6.27036.2955